Maxsus pedagogika
Maxsus pedagogika (Defektologiya) yoʻnalishi- sogʻlom hamda nogironligi boʻlgan bolalarga zaruriy pedagog kadrlarni tayyorlaydi.
Maxsus pedagogika 4 ta yoʻnalishni oʻz ichiga oladi:
- oligofrenopedagogika (aqliy rivojlanishi orqada qolgan bolalar)
- surdopedagogika (eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar)
- tiflopedagogika (koʻrishida nuqsoni boʻlgan bolalar)
- logopediya (nutqida nuqsoni boʻlgan bolalar)
Hozirgi kunda Maxsus pedagogika koʻp qirrali imkoniyatlarga ega boʻlib, bitiruvchi talabalar sogʻlom bolalarga moʻljallangan maktabgacha taʼlim muassasalarida (bogʻcha) logoped, maxsus maktabgacha taʼlim muassasalarida defektolog, umumtaʼlim maktablarida logoped, maxsus maktab va maktab internatlarida defektolog, oilaviy poliklinikada logoped lavozimida faoliyat yuritishlari mumkin boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktyabrdagi PQ-4860-son qaroriga muvofiq 2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarni oʻqitish uchun inklyuziv taʼlim tizimini tashkil etish, ularning taʼlim olish huquqini kafolatlash va taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, unga koʻra Maxsus pedagogika yoʻnalishi bitiruvchilari umumtaʼlim maktablarida resurs oʻqituvchi lavozimida ishlashlari mumkin boʻladi.
Toshkent shahridagi Kimyo xalqaro universitetida yangi ochilgan Maxsus pedagogika yoʻnalishi oʻz talabalariga yuqori malakali mutaxassislar tomonidan nazariy va amaliy bilim berish orqali yaxshi kadrlarni yetishtirib chiqishda barcha imkoniyatlarini ishga soladi va har bir talabani kelajagi ustida qaygʻuradi.